Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi JCHni umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi
Avvalroq sportchilar musobaqani uchta oltin medal bilan boshlagandi.

O‘zbekistonlik sportchilar dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatini umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi, deb xabar beradi MOQ matbuot xizmati.
Bolgariyada musobaqa davom etmoqda. 30-avgust kuni bo‘lib o‘tgan o‘zaro bahslarda ham terma jamoamiz birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Jumladan, qizlar o‘rtasida +70 kg vazn toifasida ishtirok etgan Umida Nigmatova barcha raqibalarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Avvalroq, terma jamoamiz musobaqaning ilk kunidayoq 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Dilafruz Boltaboyeva ushbu yosh toifasida jahon chempionati shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan Diyora Keldiyorovadan keyingi ikkinchi o‘zbekistonlik dzyudochi bo‘ldi.
Shu tariqa, butun musobaqa davri davomida terma jamoa chempionatda 5 ta oltin va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi va umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Musobaqa dasturiga ko‘ra, 31-avgust kuni jamoaviy miks yo‘nalishida g‘olib va sovrindorlar nomi e’lon qilinadi.
Avvalroq dzyudo bo‘yicha umumjamoa hisobida o‘zbekistonlik sportchilar birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi. Milliy terma jamoa musobaqa mezbonlarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lgan va 29 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Izohlar