Toshkentda uy-joy va yer narxi tushmoqda
Shu bilan birga, bitimlar va ipoteka berish sur’atlari faqat o‘sib bormoqda.

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi faollik o‘sishda davom etmoqda, jumladan, 2025-yilning 2-choragida u 9,9 foizga oshdi, deyiladi Markaziy bank hisobotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning aprel-iyun oylarida tuzilgan bitimlar soni 88,1 mingtani tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 9,9 foizga oshgan. Birinchi yarim yillikda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq shartnomalar soni 148,4 mingtani tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 12,15 foizga oshdi.
Mutaxassislar ko‘chmas mulkning o‘sishini ipoteka kreditlarining ko‘payishi, aholi daromadlari va uy-joy qurilishiga investitsiyalarning o‘sishi bilan izohlamoqda. Xususan, ipoteka kreditlaridan foydalangan holda tuzilgan bitimlar ulushi 21,3 foizgacha oshdi. Shuningdek, 2-chorakda narxlar dinamikasi barqaror saqlanib qoldi.
Narxlar barqaror yuqori bo‘lib qolayotgan Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlarida ushbu davrda o‘sish deyarli o‘zgarmadi yoki faqat biroz sekinlashdi. Masalan, Toshkent shahrida ikkilamchi bozordagi narxlar 1 kvadrat metr uchun 15,28 mln so‘mdan 14,9 mln so‘mgacha, Toshkent viloyatida esa 8,33 mln so‘mdan 8,21 mln so‘mgacha pasaydi.
Shuningdek, ijara bozorida ham narxlar barqarorligicha qolmoqda. Buning sababi sifatida mutaxassislar taklifning ko‘payishi va talabning mavsumiy pasayishini ko‘rsatmoqda. Umuman olganda, mamlakat bo‘ylab ijara stavkalari deyarli oshmadi. Toshkentda ijara to‘lovlari narxi pasayishda davom etmoqda — iyun oyida pasayish yillik hisobda 6,1 foizni tashkil etdi.
Toshkent shahrida yer uchastkalari segmentida iyul oyida 100 kv. m narxi 334 mln so‘mgacha pasayib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 2,5 foizga arzonlashdi.
“Umuman olganda, II chorakda ko‘chmas mulk bozorida bitimlar soni va ipoteka kreditlari hajmining o‘sishi hisobiga yuqori faollik saqlanib qoldi. Taklifning o‘sishi va xaridorlar uchun imkoniyatlarning kengayishi bozorning muvozanatli rivojlanishiga va narxlarning barqaror dinamikasiga yordam beradi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori tiklana boshlagani haqida xabar berilgandi. Ikkilamchi uy-joy narxlari ko‘tarila boshlagan.
Izohlar