10 Iyul 2024, 13:14 Oʻzbekiston

Toshkentda bankdan 370 mlrd soʻm oʻgʻirlamoqchi boʻlgan kiberhujumchilar ushlandi

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Toshkentda bankdan 370 mlrd soʻm oʻgʻirlamoqchi boʻlgan kiberhujumchilar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida bankdan pul oʻgʻirlamoqchi boʻlgan kiberjinoyatchilar ushlandi.

Qayd etilishicha, DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, bank hisobraqamlari hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan pul mablagʻlarini xakerlik hujumi orqali noqonuniy oʻzlashtirishga uringan shaxslarning qilmishlari fosh etildi.

Xususan, Toshkent shahridagi banklardan birining sobiq xodimi hozirgi kunda mazkur bankda mutaxassis lavozimida ishlovchi tanishidan bankning dasturiy taʼminoti va hisobraqamlariga kirish imkoniyatini beruvchi kodlarni 6,5 ming dollar evaziga sotib oladi.

Soʻngra u Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlari uchun uch marotaba sudlangan 51 yoshli shaxs hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi 35 yoshli fuqaro bilan oʻzaro til biriktirib, dastlab bank hisobraqamlarida hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan jami 370 milliard soʻm mablagʻni xaker jalb qilgan holda oʻgʻirlashni, keyin esa offshor hududlar orqali chet eldagi tanishlariga tegishli hisobraqamlarga oʻtkazishni reja qilgan.

Qonunbuzarlar 189 milliard soʻmni chet el valyutasiga konvertatsiya qilishga va offshor hududlar orqali xorijdagi hisobraqamiga oʻtkazishga uringan vaqtlarida jinoyat ustida qoʻlga olingan. Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ular oʻz rejalari amalga oshgan taqdirda, goʻyoki bankning dasturiy taʼminotiga chet eldan xakerlik hujumi boʻlgani toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumot tarqatishni rejalashtirishgan. Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Mashhur yangiliklar