Toshkentda atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari doirasidagi qurilishlar ko‘zdan kechirildi
Mutaxassislar havo sifatiga zarar yetkazayotgan to‘rtta obyektdagi ishlarni to‘xtatdi.

Toshkentda atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari doirasida qurilish obyektlarida o‘rganishlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Maxsus komissiya matbuot xizmati.
Toshkent shahridagi qurilish jarayonida havoning ifloslanishiga sabab bo‘layotgan omillarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat qiluvchi tashkilotlardan 232 nafar xodim jalb etildi. O‘tkazilgan tadbirlar davomida 97 ta obyekt o‘rganildi.
Natijada quyidagilar aniqlandi:
- 14 ta holatda chang va qum zarralarining havoga ko‘tarilishini oldini olish bo‘yicha talablar buzilgani;
- 9 ta holatda esa atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan darajadagi normativlardan ortiqcha chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan;
- 52 ta holatda qurilish maydonining 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilmagani aniqlangan;
- natijada 6 ta obyektda suv purkagichlar o‘rnatildi, 12 ta obyektda avtotransport vositalari g‘ildiraklarini yuvish shoxobchalari jihozlandi.
Suv havzalari qurildi, salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha 14 ta yozma ko‘rsatma berildi, shuningdek, mas’ul organlar tomonidan havo sifatiga zarar yetkazayotgan 4 ta obyektda qurilish ishlari to‘xtatildi. 47 nafar shaxs ogohlantirilgan, 41 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Keyingi paytlarda olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar natijasida havo ifloslanishining oldi olinmoqda va bu harakatlar ekologik tozalikka hissa qo‘shmoqda, — deya qayd etdi Maxsus komissiya.
Izohlar