Toshkent viloyatida bolalarning ommaviy zaharlanishi tafsilotlari ma’lum qilindi
Yordamga poytaxtdan 100 dan ortiq mutaxassis va professorlar yuborilgan.

27-sentyabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakili Nurmat Otabekov Toshkent viloyatida bolalarning ommaviy zaharlanishi bo‘yicha izoh berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shifoxonalarda 694 nafar bola davolanishda qolmoqda, 421 nafariga 27 sentyabr kuni javob berish rejalashtirilgan. Jami 13 nafar bolaning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, qolganlarida zaharlanish yengil kechmoqda. Shifoxonalarga jami 1922 nafar bola yotqizilgan, biroq ularning 959 nafarida tashxis tasdiqlanmagan.
Malakali yordam ko‘rsatish uchun Toshkent shahridagi 17 ta tibbiyot muassasasidan 100 dan ortiq mutaxassis, professor va olimlar jalb etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida maxsus shtab tashkil etildi. Bolalarga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan, bu odatda rotaviruslar yoki ichak tayoqchalari tomonidan qo‘zg‘atiladi. Avvalroq zaharlanishga Shark Milk kompaniyasining viloyat bog‘chalariga kelib tushgan sifatsiz kefiri sabab bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi.
Kasallik og‘ir va hayot uchun xavfli hisoblanmaydi va odatda asoratsiz kechadi. Bolalar tezda tuzalmoqda. Vazirlik huzuridagi shtab har uch soatda videokonferensiya shaklida viloyatning shahar va tumanlarida davolash-profilaktika tadbirlarining borishini muhokama qilib, zarur tavsiyalar berib boradi, — Nurmat Otabekov.
SES bolalar iste’mol qilgan mahsulotlar namunalarini o‘rganishda davom etmoqda. Ommaviy zaharlanishning yakuniy sababi keyinroq e’lon qilinadi. Shifoxonalarda zarur dori-darmonlarning qo‘shimcha zaxirasi shakllantirildi.
Barcha bolalarning salomatligi davlat nazoratida, vaziyat barqarorlashmoqda, hodisa aybdorlari qonuniy javobgarlikka tortiladi, — Nurmat Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, ommaviy zaharlanish haqidagi dastlabki xabarlar 25-sentyabrga o‘tar kechasi paydo bo‘lgan, voqea guvohlari shifoxonalar bolalar bilan to‘lib-toshganini qayd etishgan.
Eslatib o‘tamiz, “Adolat” partiyasi Bosh prokuraturani Toshkent viloyatida bolalarni zaharlashda aybdorlarni jazolashga chaqirgandi. Deputatlar vaziyatni parlament nazoratiga olgan.
Izohlar