“Toshkent metropoliteni” yo‘lovchilardan tezroq harakat qilishni so‘radi
“Toshkent metropoliteni” yo‘lovchilardan manzilga kelgach, poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilishni so‘radi.
Toshkent metrosi 2024-yil yakuniga qadar 209 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Bu haqda “Toshkent metropoliteni”ning yo‘lovchilarga yo‘llagan murojaatida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, 2021-yil bir kunda 280-300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 920-930 mingni tashkil qilmoqda. 2024-yil yakunigacha metrodan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni bir kunda 1 mlnga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, 2021-yilda nosozliklar va to‘xtab qolish holatlari 138 tani tashkil qilgani, 2023-yilda bunday holatlar soni 71 ta qayd etilib, 2 barobarga kamayishiga erishilgani maʼlum qilindi.
Hozirda ushbu holatlarni to‘liq bartaraf etish va “xavfsiz transport” maqomiga erishish choralari ko‘rilmoqda. Joriy yil yakunidan boshlab 48 ta va 2025-yil davomida yana qo‘shimcha 56 dona zamonaviy metro vagonlarini xarid qilish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarini yangilanishiga hamda yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi, deyiladi xabarda.
Murojaatda yo‘lovchilardan metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlari so‘ralgan.
Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi, deya qo‘shimcha qilingan murojaatda.