24 Iyul 2024, 08:50 Oʻzbekiston

SSV aholini soxta tabiblardan ogohlantirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini soxta tabiblarga aldanib qolishdan ogohlantirmoqda.

SSV aholini soxta tabiblardan ogohlantirdi

Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshidagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov soʻnggi vaqtlarda tegishli huquqqa ega boʻlmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qoʻllagan holda kasalliklarga tashxis qoʻyish hamda ularni davolash bilan shugʻullanayotgan, bu orqali insonlar sogʻligʻi va hayotiga xavf tugʻdirayotgan soxta tabiblar koʻpayayotgani yuzasidan munosabat bildirdi. SSV axborot xizmati mutaxassisning bu boradagi fikrlarini jamoatchilikka taqdim etdi.

Manbaga koʻra, Jamshid Mirrahimov turli yoʻllar bilan odamlar ishonchiga kirib, ularga yuqoridagi kabi “xizmat”larni taklif qilib kelayotgan shaxslar haqida quyidagicha munosabat bildirdi:

Ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targʻib qiluvchi platformaga aylanib qoldi. Ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham asosan ogʻir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz, deydi SSV qoshidagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori.

Uning taʼkidlanishicha, turli xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy yoʻl va uy sharoitida xalos boʻlishni istaganlar “gʻayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan bunday kimsalarga murojaat qilib, aldanib qolmoqda.

Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kasalliklarni davolashda chuvalchang isteʼmol qilish foydali ekanligini targʻib qiluvchi videolavhalar tarqaldi. Unda xalq tabobati bilan shugʻullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega boʻlmagan “tabib” tomonidan odamlarni oʻz tavsiyalariga ishontirish uchun tirik holatdagi chuvalchangni isteʼmol qilib koʻrsatishi aks etgan.

Avvalo, bunday xatti-harakat sanitariya holatiga zid. Qolaversa, ushbu “davolash usuli” tabobatda ham, zamonaviy tibbiyotda ham asoslanmagan. Videodagi jonzot yer chuvalchangi yoki yomgʻir chuvalchangi deb ataladi. U tuproqdagi har xil parazit va mikroelementlar bilan organizmga tushgach, turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan xalq tabobati rivojiga keng yoʻl ochilganidan foydalanib, shaxsiy manfaat ilinjida soxta tavsiyalar bilan odamlarni aldash salbiy asoratlarni yuzaga keltirishini eslatib oʻtmoqchimiz, deyiladi SSV xabarida.

Qayd etilishicha, mazkur masala boʻyicha qonunchilikka alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda.

Maʼlumot uchun, ayni paytda Oʻzbekistonda 100 ta tadbirkorlik subyektiga xalq tabobati yoʻnalishida faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyalar berilgan.

Mashhur yangiliklar