Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh konferensiyasida qator tashabbuslarni ilgari surdi — asosiylar
Prezidentning takliflari hamkorlikning turli jihatlarini qamrab oldi.

Shavkat Mirziyoyev 30-oktyabr kuni Samarqandda o‘tayotgan YUNESKOning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida ta’lim, madaniyat, media savodxonligi va merosni asrash sohalaridagi tashabbuslarni ma’lum qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlandi. Prezident YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini yaratish va Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif qildi. O‘zbekiston UNESCO shafeligida “Sun’iy intellekt – maktab” pilot loyihasini amalga oshirish va Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumini tashkil etishga tayyor.
19-noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb e’lon qilish, shuningdek, YUNESKO tuzilmasida Raqamli meros xalqaro institutini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Davlat rahbari 2027-yilda Buxoroda YUNESKOning ijodiy shaharlar tarmog‘i doirasida Hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazishni taklif etdi.
Davlat rahbari iqlim o‘zgarishi madaniy merosga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, “YUNESKOning ekologik poytaxti” global tashabbusini ta’sis etish, shuningdek, YUNESKO Ijroiya kengashining globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. O‘zbekiston Xiva shahrida shu mavzuda xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Xiva shahrida iqlim o‘zgarishi sharoitida meros obyektlarini saqlash bo‘yicha xalqaro simpozium o‘tkazilishi mumkin. So‘zining yakunida prezident Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish va YUNESKOning mediasavodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini bildirdi. Prezident bu orqali yoshlarni manipulyatsiyadan himoya qilish, ularda axborotga tanqidiy munosabatni shakllantirish mumkinligini ta’kidladi.
Izohlar