6 Avgust 2024, 12:42 Oʻzbekiston

Samarqandda g‘isht zavodi 1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Bulung‘ur tumanida 1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan MCHJ mansabdorlari ushlandi

Samarqandda g‘isht zavodi 1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan MCHJ aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika hamda hududiy shtablar tomonidan energiya resurslarni talon-toroj qilinishining fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Xususan, Bulung‘ur tumanidagi “B.B.G.” MCHJ mansabdor shaxslari jamiyatga qarashli g‘isht ishlab chiqarish zavodidagi uskunalarni o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulab, 1 milliard so‘mlik 1,145 million kVt/soat elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Mazkur holat yuzasidan “B.B.G.” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi (o‘g‘rilik) “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.

Aprel boshlarida Surxondaryo viloyatining Denov, Qashqadaryo viloyatining Muborak hamda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilgan, Andijonda 1,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan ishlab chiqarish sexi aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

“O‘zenergoinspeksiya”ga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi bir oyda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlar natijasida davlat manfaatlariga 234 milliard 778 million so‘mlik zarar yetkazilgan.

Mashhur yangiliklar