O‘zbekistonda Samarqand chegaralarini ikki baravar kengaytirish va uning shu nomdagi tumanini tugatish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Deputatlar “Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Past Darg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasini ko‘rib chiqdi. Ushbu islohot doirasida shahar tarkibiga quyidagi yerlarni o‘tkazish rejalashtirilgan:
- Oqdaryo tumanidan 1 410,6 gektar;
- Pastdarg‘om tumanidan 1 242,3 gektar;
- Samarqand tumanidan 13 308 gektar;
- Toyloq tumanidan 1 265,6 gektar.
O‘z navbatida, Samarqand tumanining 518 gektar shahar va 1 551 gektar yer maydoni Pastdarg‘om tumani, 28 295 gektar yer maydoni Toyloq tumani tarkibiga o‘tadi. Bunda yer fondi toifalari o‘zgarishsiz qoladi. Shahar hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektarga kengayadi, aholi soni esa 604 mingdan 882 ming kishiga ko‘payadi.
Yangi “Shirin”, “Temir yo‘l orti” va “Qorasuv-2” massivlarida 309 mingga yaqin aholiga mo‘ljallangan 710 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, shaharda yangi obyektlar: o‘yin maydonchalari, akvapark, havo sharlarida uchish zonalari, istirohat bog‘lari, shuningdek, yangi yashil hududlar, xizmat ko‘rsatish obyektlari va logistika markazlari paydo bo‘ladi.
Qaror loyihasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, xalq deputatlari shahar, tuman va viloyat Kengashlari yig‘ilishlarida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik tasvirlari va ularning tasnifi kelishib olindi. Deputatlar qaror loyihasini qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 3D model paydo bo‘ladi. U kosmik texnologiyalar yordamida tayyorlanadi.




















