Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etiladi
3 ta institut va 1 ta universitet negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
10-dekabr kuni prezident “Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Hujjat bilan yangi oliygoh Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida tashkil etiladi.
Yuqoridagi OTMlarda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Qarshi davlat texnika universitetida davom ettiradi. 2024/2025 o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga mazkur universitet diplomi beriladi.
Yangi oliygohning asosiy vazifalaridan biriga muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari va dasturlash, xizmat ko‘rsatish hamda irrigatsiya tizimlari va agrotexnologiyalar sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kiradi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi va atrof-muhit muhandisligi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash salmog‘i oshiriladi;
- talabalarning fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etiladi;
- iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Ta’lim xizmatlari markazi tashkil etib, talabalarga o‘qish davomida yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar bo‘yicha barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Мавзуга оид хабарлар:
Yakuniy davlat attestatsiyalari ish beruvchi korxonalarda tashkil etilishi mumkin Talabalar uchun qishki taʼtil muddati eʼlon qilindi O‘zbekistonda Yaponiya bilan hamkorlikda xalqaro universitet ochiladi O‘zbekistondagi OTMda ko‘proq qaysi davlat fuqarolari o‘qiyotgani aytildi To‘lov-kontraktni to‘lash muddati uzaytirildi