O‘zbekiston

Oliy sud “Toshshahartransxizmat” sobiq boshlig‘ining jazosi yengillashtirilganini tushuntirdi

Avvalroq Anvar Jo‘rayev yetti yilga qamalgan, biroq yarim yildan so‘ng ozodlikka chiqarilgandi.

30-iyul kuni Oliy sud “Toshshahartransxizmat” sobiq rahbari Anvar Jo‘rayevning jazosi yengillashtirilganiga izoh berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2025 yil 3 fevraldagi hukmiga ko‘ra, Jo‘rayev, shuningdek, “Toshshahartransxizmat”ning 20 nafar xodimi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan.

Dastlabki tergov bosqichida 21 nafar ayblanuvchidan 10 nafari qamoqqa olingan. Sud 6 nafar sudlanuvchiga (jumladan, Jo‘rayevga — 7 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish) ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ulardan 6 nafari hibsdan ozod qilindi, ozodlikda bo‘lgan 2 kishi esa sud zalida hibsga olindi.

Sud hukmiga ko‘ra, Jo‘rayev va boshqa sudlanuvchilardan 2 mlrd 475 mln 687 ming 526 so‘m undirilishi belgilandi. Yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun sudlanuvchilarga tegishli bo‘lgan 2 ta ko‘chmas mulk obektlari ushbu summa hisobiga o‘tkazilgan. Zarar miqdoridan ortiqcha mablag‘lar davlat daromadiga o‘tkazilishi kerak.

Jo‘rayev va yana 10 nafar sudlanuvchi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyatlari hamda prokuror protestiga asosan ish Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida davlatga yetkazilgan barcha zarar sudlanuvchilar tomonidan to‘liq qoplandi.

“Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismiga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan taqdirda, sud ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qo‘llamasligi mumkin. Shu sababli, apellyatsiya instansiyasi sudining 2025-yil 5-iyundagi ajrimiga ko‘ra, yetkazilgan zarar qoplanganligi inobatga olinib, sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. Ilgari depozit hisob raqamiga o‘tkazilgan mablag‘lar davlat daromadiga o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, jinoiy yo‘l bilan orttirilgan va yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan ikkita ko‘chmas mulk obyekti ham davlat foydasiga musodara qilingan. Mazkur ajrimdan norozi bo‘lgan taqdirda, taraflar Toshkent shahar sudiga kassatsiya tartibida shikoyat berishga yoki protest bildirishga haqli.

Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi erkakni o‘g‘irlik, korrupsiya va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topgandi. Anvar Jo‘rayev bilan birga 20 kishi jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi bo‘lgan. O‘shanda transport kompaniyasining sobiq rahbari yetti yil-u olti oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Biroq u 6 oydan so‘ng ozodlikka chiqarilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная