O‘zbekiston

O‘zbekistonliklar turistik laynerlarda ishlashni boshlashi mumkin

Buning uchun ingliz tilini bilish talab etiladi.

Ingliz tilini biladigan va xorijda ishlashni istagan o‘zbekistonliklar turistik laynerlarga ishga joylashishlari mumkin bo‘ladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi axborot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, idora Makedoniyaning Kouzon Corporation kompaniyasi bilan tegishli memorandum imzolagan. Tomonlar kruiz kompaniyalari bilan hamkorlikda mehnat faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuvga kelishib oldi. Xususan, kelishuvda ishga joylashish uchun C1/D tranzit vizasini olish jarayonini soddalashtirish ko‘zda tutilgan. Endi ish beruvchi uni 45 kundan 90 kungacha muddatda rasmiylashtiradi.

Shuningdek, muzokaralar davomida tomonlar ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Qayd etilishicha, laynerlarda boshlang‘ich ish haqi 6 oylik shartnoma bo‘yicha 1200 dollardan boshlanadi. Keyin xodim 2 oylik ta’til oladi, shundan so‘ng u yana 6 oylik yangi shartnoma tuzishi mumkin.

Qayd etilishicha, tajribaga qarab, maosh 4000 dollargacha yetishi mumkin. Bunda yashash bilan bog‘liq barcha xarajatlar kompaniya hisobidan qoplanadi. Ayni paytda 28 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Makedoniya kompaniyasi dunyoning 18 davlatida o‘z vakillariga ega.

Laynerlar O‘rta yer dengizi, Tinch okeani, Skandinaviya, Boltiqbo‘yi va Karib dengizi kabi yo‘nalishlarda harakatlanadi. Kompaniya laynerlarda ishlash uchun malakali kadrlarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega. Har yili u butun dunyo bo‘ylab 20 000 dan 25 000 gacha mutaxassislarni ish bilan ta’minlaydi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Germaniyaga qassoblik qilish uchun borishi mumkinligi xabar qilingandi. Aksariyat xarajatlarni nomzodning o‘zi to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная