Mingdan ortiq o‘zbekistonliklar Sloveniyaga ishlash uchun borishi mumkin bo‘ladi
Bo‘lajak nomzodlar uchun maxsus til kurslari tashkil etiladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori Behzod Musayevning ma’lum qilishicha, 1,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Sloveniyaga ishlash uchun borishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon mamlakatda ishsizlik darajasi 3,2−3,5 foizga tushdi, bu Sloveniya uchun rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. Mehnat bozorida bandlik darajasining yuqoriligi sababli, ayniqsa, qurilish, xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, mehmonxona va restoran biznesi, ishlab chiqarish, ta’lim va axborot texnologiyalari sohalarida mutaxassislar yetishmovchiligi yuzaga keldi.
“Biz bu yerda bandlik xizmati bilan birgalikda mehnat forumini o‘tkazdik. Unda 20 dan ortiq eng yirik ish beruvchilar ishtirok etdi. Ulardan 7 tasi bilan shartnoma tuzib, shu asosda bugungi kunda 1500 ta ish o‘rniga talab oldik. Daromad yuqori. Bu yerda eng kam ish haqi 1100 yevroni tashkil etadi va mutaxassislik va til bilish darajasiga qarab ish haqi tez o‘sadi”, — dedi Behzod Musayev.
Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori hozirda mamlakatdagi bo‘sh ish o‘rinlarini Filippin va Nepaldan kelgan fuqarolar egallab turganini ma’lum qildi. Biroq ularning ko‘pchiligi Yevropa mehnat bozori talablariga javob bermaydi.
Behzod Musayev iyun oyida Sloveniyadan ishchi guruh O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatda yaratilgan imkoniyatlarni o‘rganishini, shundan so‘ng agentlik Sloveniya uchun alohida tanlovlarni yo‘lga qo‘yishini ta’kidladi. Nomzodlar uchun asosiy talab “rus tiliga yaqin bo‘lgan, shuning uchun uni o‘rganish qiyinchilik tug‘dirmaydigan” B1 darajasidan past bo‘lmagan tilni bilish bo‘ladi. Buning uchun o‘zbekistonliklar uchun maxsus kurslar tashkil etilmoqda.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Natasha Pirs Musar tor doirada muzokara o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Tomonlar Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olgan.
Izohlar