O‘zbekiston Moskvadagi migrantlarga qarshi reydlardan xavotirda — video
Rossiya huquq-tartibot idoralari vatandoshlarga nisbatan kuch ishlatgan.

8-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlari reydlar chog‘ida migrantlarga nisbatan kuch ishlatgani aks etgan video tarqaldi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi hodisa yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, reyd Moskvaning Sokolniki tumanida o‘tkazilgan. Huquq-tartibot xodimlarining maqsadi Rossiyada vaqtincha ishlayotgan xorijliklar bo‘lgan. Tekshiruvlar davomida OAVda Rosgvardiya xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Migratsiya agentligi ushbu xabarlardan “afsusda va xavotirda” ekanini ma’lum qildi.
“Rossiya hukumati va yirik ish beruvchilar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaga uyushgan holda ishga jalb qilishga yildan-yilga ortib borayotgan qiziqish fonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ayrim vakillari tomonidan chet el fuqarolariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish holatlari afsus va xavotir uyg‘otmoqda”, deyiladi xabarda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, vaziyat O‘zbekiston bosh konsulligi va Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi nazoratiga olingan. Vazirlik Rossiya huquq-tartibot idoralaridan rasmiy ma’lumot kutmoqda va xavfsizlik kuchlarining xatti-harakatlaridan jabr ko‘rishi mumkin bo‘lgan fuqarolarni zudlik bilan huquqiy va konsullik yordamiga murojaat qilishga chaqirdi.
Xususan, bu tan jarohati yetkazish, huquqlarni buzish yoki boshqa huquqiy muammolarga tegishli. Murojaat uchun telefonlar: +7 925 045-47-44, Telegram: @pomoshrussiamigrant, @huquqiy_yordam_uzbot.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Rossiyada mehnat muhojirlari huquqlariga rioya qilinishidan xavotirda edi. Respublika Tashqi ishlar vazirligida masalani o‘rganish va O‘zbekiston pozitsiyasini Rossiya vakolatli organlariga yetkazish uchun Rossiya Federatsiyasi elchisi bilan muzokaralar olib borildi.
Izohlar