O‘zbekistonliklar issiq tufayli necha marta “tez yordam” chaqirgani ma’lum bo‘ldi
Aksariyat qo‘ng‘iroqlar favqulodda bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zbekistonliklar issiq tufayli necha marta “tez yordam” chaqirganini ma’lum qildi.
2025-yil iyul oyi jazirama issiq bilan boshlandi va mamlakat hududiga janubdan juda issiq havo massalari kirib keldi, natijada shu kunlarda anomal issiq kuzatildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov jazirama tufayli fuqarolarning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli “103” xizmatiga qancha murojaat kelib tushgani haqida ma’lumot berdi.
“Issiq kunlarda birinchi navbatda dispanser nazoratidagi surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar salomatligiga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Shuning uchun ularning tibbiy nazorati va zarur hollarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash zarur. Issiq havoda surunkali kasalliklar avj olishini inobatga olsak, tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga katta mas’uliyat yuklanadi”, — dedi mutaxassis.
Anomal issiq davrida respublika bo‘yicha tez tibbiy yordam xizmatiga 247 459 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan 172 ming 676 tasi shoshilinch, 65 ming 163 tasi surunkali kasalliklar bilan bog‘liq murojaatlardir. OAV va mas’ul idoralar orqali tarqatilgan tavsiyalar natijasida murojaatlar soni avvalgi haftaga (24-29-iyun) nisbatan 1,2 foizga kamaygan.
“Shu munosabat bilan vazirlik aholiga issiq kunlarda zarurat bo‘lmasa, imkon qadar ko‘chaga chiqmaslik, ko‘proq suyuqlik ichish, yog‘li va dudlangan taomlardan tiyilish, aksincha, ko‘proq sabzavot va mevalar iste’mol qilishni tavsiya qiladi”, — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir: Xavfli quyosh: FVV o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi Issiqning jiddiy oqibatlari soyada ham odamga ta’sir qilishi mumkin.
Izohlar