7 Avgust 2024, 18:21 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron braslet qo‘llaniladi

O‘zbekistonda ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi ayrim shaxslar elektron braslet orqali nazorat qilinadi.

O‘zbekistonda probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron braslet qo‘llaniladi

7-avgust kuni prezident tomonidan “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Qonunga ko‘ra, probatsiya — muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash tarzidagi jazolarning ijro etilishini ta’minlashga, mahkumlarga ijtimoiy-huquqiy va tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga barham berishga, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlashga, bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi probatsiyani amalga oshirish sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining probatsiya xizmati probatsiyani amalga oshirish sohasidagi vakolatli organdir.

Probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi subyektlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • mehnat organlari;
  • davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari;
  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari;
  • ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta’lim tashkilotlari;
  • Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari.
  • Shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi yoki qarori, shuningdek amnistiya akti yoxud afv etish asos bo‘ladi.

Qonunga ko‘ra, shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish mazkur shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasining xodimi tomonidan probatsiyaga oid axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish orqali amalga oshiriladi.

Elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash tartibi talablarini bajarmayotgani to‘g‘risida rasmiy ravishda ogohlantirilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining qarori asosida qo‘llaniladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Mashhur yangiliklar