O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilash uchun trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi
Mamlakatda ekologik jamg‘arma tashkil etiladi.

O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilash uchun qariyb 1,5 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda, deyiladi “2026-yil uchun O‘zbekiston Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasida.
Prognozlarga ko‘ra, farmon bo‘yicha qo‘shimcha tushum va daromadlar 2026-yilda 548 mlrd so‘mni tashkil etadi. Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya ishlamoqda, kecha-yu kunduz ishlaydigan shtab tashkil etilgan. Ishlar uch yo‘nalishda olib borilmoqda.
Tizimdagi dolzarb va uzoq muddatli masalalar bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ular ilmiy asoslangan va hisob-kitoblarga tayanishi kerak. Biz reja tuzyapmiz va yangi tizim uning natijadorligini ta’minlaydi, — dedi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov.
Ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi prezidentning 2025 yil 18 noyabrdagi qaroriga muvofiq Milliy ekologiya qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan.
Oldimizga 900 mlrd so‘m ajratish va yil yakuniga qadar ekologiya jamg‘armasiga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Byudjetning keyingi o‘qishlarida hammasi joy-joyiga qo‘yiladi, — dedi bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov.
Ma’lum qilinishicha, jamg‘arma ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan umummilliy ekologik loyihalar, tadqiqotlar va dasturlarni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan. Unga quyidagilar kiradi:
- 2025-yilda respublika byudjetidan 900 mlrd so‘m;
- aniq tadbirlar uchun 2026-yilda byudjetdan qariyb 550 mlrd so‘m ajratiladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab jamg‘armaga quyidagilar yo‘naltiriladi:
- uglerod birliklari savdosidan olingan daromadning 20 foizi;
- atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun jarimalar va kompensatsiyalarning muayyan qismi;
- import qilinadigan transport vositalari uchun to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi.
Eslatib o‘tamiz, deputatlar 2026 yil uchun davlat byudjeti loyihasini qabul qilgandi. Daromadlar miqdori xarajatlardan kam bo‘ladi.
Izohlar