O‘zbekistonda 2026-yilda ekologik toza qurilish materiallari ulushini oshirish rejalashtirilmoqda
Shuningdek, hukumatga 500 million dollardan ortiq kaolinni chuqur qayta ishlash bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirish topshirildi.

O‘zbekistonda 2026-yilda qurilish ishlarida energiya tejamkor va ekologik toza materiallar ulushini 25 foizga, 2030-yilga borib esa 35 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda, deyiladi prezidentning qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishida.
Muhokama davomida kaolin zaxiralaridan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda 1 milliard tonnadan ziyod kaolin zaxirasi bo‘lsa-da, yiliga bir necha million dollarlik chinni import bo‘layotgani ta’kidlandi. Shu bois 2026-yilda kaolinni chuqur qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 515 million dollarlik 40 ta loyihani amalga oshirish va 460 nafar soha mutaxassisini tayyorlash rejalashtirilgan.
Tarmoqda energiya samaradorligi borasida shu paytgacha 34 ta korxonada o‘tkazilgan energetika auditi mahsulot ishlab chiqarishda yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bergani ta’kidlandi. Shu bois mutasaddilarga bu ishlarni tizimli davom ettirib, energiya tejamkor mahsulotlar turini ko‘paytirish, qurilish ishlarida energiya tejamkor va ekologik toza materiallar ulushini 2026-yilda 25 foizga, 2030-yilda 35 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Mahsulot sifati va xavfsizligini oshirishda ilm-fanning o‘rni muhimligi, mamlakatimiz olimlarining salohiyatidan kengroq foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda bu yo‘nalishda 4 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda. Buning uchun Germaniya, Koreya va Turkiya olimlari jalb etilgan.
Ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish doirasida kelgusi yildan qurilish materiallari sohasidagi ilmiy loyihalarni moliyalashtirishga 30 milliard so‘m ajratiladi. Korxonalarda raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali mahsulot tannarxini 5-10 foizga kamaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Bunday tizim joriy etiladigan korxonalar sonini ko‘paytirish maqsadida ikki yil ichida 100 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan. Mamlakatlarning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonida qurilish materiallari sanoati ham xalqaro talablarga moslashmoqda. Xususan, o‘tgan davrda 125 ta xalqaro standart qabul qilingan bo‘lsa, 2026-yilga qadar ularning sonini 166 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekiston 26 ta davlatga 9 turdagi qurilish mahsulotlari eksporti hajmini oshirishi mumkinligi xabar qilingandi. Mutasaddilarga yaqin yillarda loyihalar portfelini 3,5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Izohlar