14 Avgust 2024, 16:40 Oʻzbekiston

O‘zbekiston—Qozog‘iston chegarasidan ID-karta orqali o‘tishga ruxsat berilishi mumkin

Bunday tartib bir yildan buyon O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida amal qilib kelmoqda.

O‘zbekiston—Qozog‘iston chegarasidan ID-karta orqali o‘tishga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiylari ikki mamlakat fuqarolarining davlat chegarasini milliy ID kartalar vositasida kesib o‘tishini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov ma’lum qildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi chegaralarni haqli ravishda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ko‘prigi, deb atash mumkin. 2023 yil 1 sentabrdan boshlab ichki hujjat – fuqaro ID kartasini taqdim etgan holda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini kesib o‘tish tartibi amal qilayotgani buning tasdig‘idir. Xuddi shunday loyiha Qozog‘iston tomoni bilan ham muhokama qilinmoqda, deb yozdi u.

Avvalroq, Markaziy Osiyo yetakchilarining 9 avgust kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish va “Bir tur – butun mintaqa” tamoyili asosida ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqishni taklif qilgandi.

Mashhur yangiliklar