O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi vakillari vatandoshlarga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Izmirdagi qamoqxonalarga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Diplomatlar ushbu muassasalarda O‘zbekiston fuqarolarini saqlash sharoitlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat ta’minoti, telefondan foydalanish, advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan uchrashish, shuningdek, jo‘natmalarni qabul qilish huquqini berish holatlarini o‘rgandi.

Jazoni ijro etish muassasalari rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda kelgusida diplomatlarning vatandoshlar bilan muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish, O‘zbekiston fuqarolariga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.

O‘zbekistonliklar bilan yakkama-yakka suhbatlar chog‘ida ularning muammolari ko‘rib chiqilib, Turkiya qonunchiligiga muvofiq huquq va erkinliklari, majburiyatlari haqida ma’lumot berildi. Mahkumlarni O‘zbekistonga jazoni o‘tash uchun yuborish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Bosh konsulxona Istanbulda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqqan edi. Fuqarolar norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tayotgan joylarga bormaslikka chaqirildi.