24 Avgust 2024, 12:10 Oʻzbekiston, Jahon

O‘zbekiston Afg‘onistonda 6 million dollarga madrasa quradi

Oʻzbekiston Afgʻonistonning Mozori Sharif shahridagi “Xoyrul-mudarris Imom Buxoriy” madrasasi qurilishini moliyalashtiradi.

O‘zbekiston Afg‘onistonda 6 million dollarga madrasa quradi

TOLOnews xabariga koʻra, 21-avgust kuni qurilishning boshlanishi marosimida Balx viloyati gubernatori oʻrinbosari Nurul-Xodiy Abu Idris va Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi bosh konsuli Farhod Nazarov ishtirok etgan.

Madrasa 0,6 gektar maydonda joylashadi, 1000 nafar talabaga diniy taʼlim beradi. Uning qurilishi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Baxtiyor Saidov va “Tolibon” yetakchilari oʻrtasida joriy yilning 12-13-mart kunlari boʻlib oʻtgan muzokaralar doirasida kelishib olingan edi.

“Bu diniy maktab Balx hokimining iltimosiga binoan qurilmoqda. Biz bu loyihaga bir yil vaqt ajratdik, shu vaqtgacha u tugallanadi”, dedi Nazarov.

Bosh konsulning maʼlum qilishicha, madrasa qurilishiga 6 million dollar sarflanadi.

“Xudo xohlasa, ushbu madrasaning tashkil etilishi Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi”, dedi Balx viloyati taʼlim boshqarmasi boshligʻi Abdujalil Shahidxil.

Bosh konsul, shuningdek, Oʻzbekiston tez orada Afgʻoniston fuqarolari uchun taʼlim va biznes vizalarini berishni qaytadan boshlashini qoʻshimcha qildi.

Mashhur yangiliklar