18 Oktabr 2024, 13:44 Oʻzbekiston

Namanganda inspektor va tadbirkor til biriktirib, 117 mln soʻmlik elektrni talon-toroj qildi

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.

Namanganda inspektor va tadbirkor til biriktirib, 117 mln soʻmlik elektrni talon-toroj qildi

Namangan viloyatida tadbirkor va inspektor til biriktirib, 116,9 mln soʻmlik elektr energiyasini talon-toroj qildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Maʻlum qilinishicha, Chust tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor S.Sh. va tuman elektr taʼminoti inspektori Y.M. bilan til biriktirib, oʻziga qarashli ekin yer maydoniga oʻrnatilgan suv nasosini elektr tarmogʻiga hisoblagichsiz, shartnoma tuzmasdan, tijorat maqsadida oʻzboshimchalik bilan ulab, 116,9 mln. soʻmlik 43,2 ming kVt. soat elektr energiyasini talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan S.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “d” bandi hamda elektr taʼminoti inspektori Y.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “ye” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.

Yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bogʻliq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda, deya eslatgan Bosh prokuratura.

Mashhur yangiliklar