Miroboddagi Taras Shevchenko koʻchasi gastronomik koʻchaga aylantiriladi
Koʻchada fotozonalar uchun dekorativ elementlar, piyodalar yoʻlaklari, velo-yoʻlaklar va zamonaviy oʻrindiqlar tashkil etiladi, bolalar oʻyingohi va koʻrgazmali sahna oʻrnatish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Bunyodkorlik ishlari 15-iyuldan boshlanadi. Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko koʻchasi gastronomik koʻchaga aylantiriladi. Bu haqda Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 15-iyuldan Taras Shevchenko koʻchasini gastronomik koʻchaga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari boshlanadi. Shu munosabat bilan tuman hokimi Anvar Sayfutdinov koʻchada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot oʻtkazgan.
Hokim uchrashuvda Hukumat qarori bilan poytaxt koʻchalarida jozibador va serqatnov turizm hamda xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yaratish maqsadida 24/7 rejimda ishlovchi koʻngilochar koʻcha tashkil etish belgilanganligi haqida maʼlum qilgan. Unga koʻra, ushbu turistik koʻchaning ishga tushirilishi tadbirkorlarning daromad manbai oshishiga xizmat qiladi.
Bunyodkorlik ishlari davomida Taras Shevchenko koʻchasida yoritish ustunlari, oʻrindiqlar va chiqindi urnalari hamda sugʻorish tizimlarini oʻrnatish, daraxt koʻchatlari oʻtqazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, bu yerda audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar, fotozonalar uchun dekorativ elementlar oʻrnatish, piyodalar va velo-yoʻlaklar, bolalar oʻyingohi, koʻrgazmali sahna barpo etish ham rejalashtirilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentdagi ko‘chaning bir qismi 1 oyga yopiladi