Gaz nazorati va to‘lovi uchun maxsus ilova ishga tushirildi
“Hududgazta’minot” sinov tariqasida gaz nazorati va to‘lovi uchun maxsus ilovani ishga tushirdi.
O‘zbekistonda gaz sarfini monitoring qilish uchun “Hudud Gaz Ta’minot” mobil ilovasi ishga tushirildi. Dastur sinov rejimida ishlaydi, deb xabar berdi “Hududgazta’minot”.
Ilova iste’molchilarga tabiiy gaz sarfi va u bilan bog‘liq to‘lovlarni onlayn rejimda kuzatib borish imkonini beradi, deyiladi xabarda.
Ilovani Android va iOS asosidagi qurilmalar uchun bepul yuklab olish mumkin. Dastur o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, qozoq va tojik tillarini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘rnatilgandan so‘ng, shaxsiy hisob raqamini kiritib, ro‘yxatdan o‘tish va One ID xizmati orqali ulanish kerak.
Ushbu xizmat yordamida iste’molchilar kunlik va oylik tabiiy gaz sarfini kuzatib borishlari (iste’mol tarixi mavjud emas), hisobni to‘ldirishlari va gaz, shu jumladan, suyultirilgan gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari va biriktirilgan ballonlar ro‘yxatini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Qulaylik uchun ilovada kalkulyator mavjud bo‘lib, uning yordamida gaz iste’molini amaldagi tariflar va hajmlarga qarab hisoblash mumkin.
“Hududgazta’minot” qo‘shimcha funksiyalarni, jumladan, klapanlarni ochish, gaz hisoblagichlarni o‘rnatish, gaz quvurlarini montaj qilish, payvandlash ishlari, isitish qozonlarini o‘rnatish, dudburonlarni tozalash va suyultirilgan gazni buyurtma qilish xizmatlarini qo‘shishni rejalashtirmoqda. Bu funksiyalardan keyinroq foydalanish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, yoz oyida “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi elektr energiyasini hisobga olish uchun xuddi shunday HET Billing ilovasini ishga tushirgan edi.
Мавзуга оид хабарлар:
Markaziy bank onlayn firibgarlikning yangi turidan ogohlantirdi Haydovchilarga qaysi gaz “zapravka” ishlayotganini koʻrsatuvchi mobil ilova ishga tushiriladi Qashqadaryoda o‘zgalarning nomiga kredit olib, pullarni o‘zlashtirgan shaxs ushlandi