Buxoroda pora bilan ushlangan tuman prokurori 15 yilga qamaldi
90 ming dollar pora bilan ushlangan Kogon tumani prokurori 15 yilga, uning jinoiy sheriklaridan biri 11, ikkinchisi esa 12 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomovga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Kun.uz Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovga tayanib, ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sobiq prokuror bilan bog‘liq jinoyat ishi JIB Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmida keltirilishicha, Bahodir G‘ulomov Kogon tumani prokurori lavozimida ishlab kelib firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritish maqsadida 2024 yil yanvar oyi boshlarida N.No‘’monov va xavfli retsidivist bo‘lgan Z.Odilov bilan jinoiy til biriktirgan.
Ular Buxoro viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan “Kogon yog‘ – ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyat ta’sischilaridan birining ishonchiga kirib, jinoyat ishi doirasida unga nisbatan ayblov e’lon qilmaslik va jinoiy javobgarlik masalasini hal etmaslik masalasini Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali hal etishi mumkinligini aytib, 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga dalolat qilishgan.
Sud majlisida sobiq prokuror aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini, davlat rahbaridan kechirim so‘rashini aytgan hamda suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan Bahodir G‘ulomov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firigarlik), 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda pora berishda ishtirokchilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, sud hukmi bilan “New imperial oil” MChJda ekspeditor lavozimida ishlagan Najmiddin No‘’monov 11 yil, xavfli retsidivist hisoblangan Zafar Odilovga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Sirdaryoda sobiq ayolini do‘pposlab, sochini qirib tashlagan erkakka hukm o‘qildi 2024-yilda qancha fuqaro tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlangani ochiqlandi Farg‘onada voyaga yetmagan qiz o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi qamaldi Surxondaryoda 19 kishini chuv tushirgan firibgar qamaldi To‘rt viloyatda pora olayotgan advokatlar qo‘lga tushdi