O‘zbekiston

Arxeologlar Toshkent viloyatida X-XI asrlarga oid devoriy suratlarni topdi

Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, arablar istilosidan so‘ng yo‘qolib ketgan devoriy suratlar shu davrda qayta tiklangan.

Toshkent viloyatida arxeologik qazishmalar paytida mutaxassislar X-XI asrlarga oid freskalarni topdi, deb xabar berdi FA matbuot xizmati.

Freskalar Qanqa yodgorligida joylashgan yirik karvonsaroy hududidan topilgan. Karvonsaroy qadimgi shaharning janubiy darvozasidan taxminan 60 metr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, uning umumiy o‘lchamlari 100×70 metr atrofida. Xona devorlaridan tushib qolgan freska bo‘laklari 25×30, 15×20 va 30×35 santimetr o‘lchamga ega.

Topilmalar shundan dalolat beradiki, arablar istilosidan so‘ng vaqtincha yo‘qolib ketgan devoriy rangtasvir san’ati X—XI asrlarda Toshkent viloyatida qayta tiklandi. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, bunday rasmlar Samarqand va Axsikent yodgorliklarida ham topilgan.

Madaniy meros agentligining Samarqand arxeologiya instituti restavratorlari ishtirokida o‘rganilayotgan ushbu devoriy suratlar Toshkentda ham devoriy suratlar maktabi bo‘lganidan dalolat beradi. 2023-yilda yodgorlikda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida V—VII asrlarga oid devoriy suratlar qayd etilgan.

Kankadagi topilmalar, olimlarning fikriga ko‘ra, nafaqat mintaqaning madaniy hayoti va devoriy tasviriy san’atining rivojlanishini tushunish, balki mintaqaning o‘rta asrlar tarixini o‘rganish uchun ham muhimdir. Hozirda Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan Qanqa yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘istonda dinozavrning toshga aylangan qoldiqlari topilgandi. Arxeologlarning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, topilgan qadimgi hayvon taxminan 75 million yil oldin yashagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная