30 Sentabr 2024, 11:25 Jahon, Oʻzbekiston

Qozonda YTHga uchrab, og‘ir jarohat olgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Tatariston hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida og‘ir tan jarohati olgan o‘zbekistonlik yigit vatanga qaytarildi.

Qozonda YTHga uchrab, og‘ir jarohat olgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Tatariston hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida og‘ir tan jarohati olgan o‘zbekistonlik va uning onasi vatanga qaytarildi.

Mamlakatning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, 1-sentyabr kuni Tatariston hududidan o‘tuvchi Aznakayevo–Almetevsk trassasida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ushbu hodisa oqibatida O‘zbekiston fuqarosi T.J. og‘ir tan jarohati olgan va u Almetevsk tumanlararo ko‘p tarmoqli shifoxonasiga yotqizilgan.

Bemorning onasi o‘g‘lini O‘zbekistonga olib ketish uchun moliyaviy ko‘mak so‘rab, Bosh konsulxonaga murojaat qilgan. O‘zbekiston diplomatlari jabrlangan yurtdoshga barcha turdagi konsullik-huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatdi. Xususan, shifokorlar va boshqa idoralar bilan zarur uchrashuvlar o‘tkazildi hamda holat doimiy nazoratga olindi.

Shuningdek, mazkur ariza asosida Bosh konsulxona xodimlari tomonidan bemor T.J.ni mamlakatga qaytarish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash ishlari amalga oshirildi.

Natijada T.J. va uning onasiga Qozon–Toshkent aviaqatnoviga chipta olib berildi va ular 26-sentyabr kuni vatanga qaytarildi.

Mashhur yangiliklar