O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston “yashil” energetika koridori to‘g‘risida ta’sis shartnomasini imzoladi
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon magistral elektr tarmoqlari operatorlari “yashil” energiya koridori loyihasini amalga oshirish uchun qo‘shma korxona tashkil etdi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Yevropaga “yashil energetika yo‘lagi”ni yaratish loyihasi doirasida ta’sis shartnomasini imzoladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shartnoma uch mamlakatning magistral elektr tarmoqlari operatorlari — Ozarbayjonning Azerenerji, Qozog‘istonning KEGOC va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” tomonidan 27-dekabr kuni videoaloqa doirasida imzolandi.
Hujjat uch davlat prezidentlari tomonidan 13-noyabr kuni imzolangan bitimni amalga oshirish, shuningdek, Yevropa Ittifoqining “Yashil bitim” (2050-yilga qadar issiqxona gazlari va atrof-muhitning umumiy ifloslanishini nolga tushirish rejasiga erishish) kabi yangi tashabbuslarni hisobga olgan holda elektr energiyasi savdosi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Tomonlar loyihani amalga oshirish uchun Bokuda (Ozarbayjon) qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldi. Maslahatchi vazifasini Italiyaning CESI kompaniyasi bajaradi va loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, 2030-yildan boshlab O‘zbekiston mamlakatda ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasining ortiqcha qismini Qozog‘iston va Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Ozarbayjon Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yevropa, Kaspiy va Qora dengizlarni yagona energiya yo‘lagi orqali bog‘lash uchun Qora dengiz tubi bo‘ylab kabel yotqizish niyatida.
Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov 6-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiyoti kunlari doirasida 2030-yilda O‘zbekiston xorijga 10−15 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qilgandi.
“2030-yilda [O‘zbekistonda] elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj taxminan 120−125 milliard kVt/soat bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Bizda ko‘plab elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi obyektlar mavjud — ular taxminan 135 milliard kVt/soat quvvatga ega. Infratuzilma tayyor bo‘lishi bilan barcha ortiqcha quvvat Yevropaga eksport qilinadi”, — deb ta’kidladi u o‘shanda.
Avgust oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Yevropa mamlakatlariga elektr energiyasi eksporti hajmi “kabel quvvati va hamkorlarning xohishiga bog‘liq”ligini aytgan edi. Energetika vaziri O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab to‘liq qoplanishini, mos ravishda, mamlakat Yevropaga 2 dan 5 GVtgacha energiya yetkazib berishga tayyorligini aytgan.