1-yanvardan avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilinmaydi
Transport vaziri 2025-yil 1-yanvardan avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechilishini aytdi.
O‘zbekistonda avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd puldan voz kechib, to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tiladi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov kelasi yildan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilinmasligini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz.
Vazir bu haqda 18-oktyabr kuni Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” bo‘lib o‘tgan sessiya davomida jurnalistlarning savoliga javoban aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechiladi.
Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatiladi. Hozir bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilyapti. Barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni o‘qiy oladigan devayslar o‘rnatiladi. Ular o‘rnatilgach, tabiiyki konduktorlar ishlamaydi. Sababi naqd pulni yig‘ish ehtiyoji qolmaydi, dedi vazir.
Shu bilan birga, vazirlik rahbari yangi bruto shartnoma tizimi haqida ham qisqacha gapirdi.
Bu tizimda jamoat transporti xizmatini ko‘rsatadigan operatorlarga pul to‘lovi yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib qo‘ygani uchun amalga oshiriladi, dedi Ilhom Mahkamov.