Toshkent viloyatida yuk mashinasi o‘rta bosimli gaz quvurini shikastlab, yuzlab xonadonlarni gazsiz qoldirdi, deb xabar bermoqda “Hududgazta’minot” axborot xizmati.

Voqea Zangiota tumani Nazarbek mahallasida sodir bo‘lgan. Yuk avtomobili o‘rtacha bosimli yer usti gaz quvuriga shikast yetkazishi natijasida gaz sizib chiqishi qayd etildi. Shu sababli 420 ta xonadon va 5 ta ulgurji iste’molchining gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.

Hozirda tuman gaz ta’minoti bo‘limi avariya brigadasi tomonidan nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Ishlarni yakunlash va iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishni tiklash soat 14:30 gacha rejalashtirilgan.