Toshkent viloyatida MIB xodimi katta miqdorda pora bilan qo‘lga tushdi
Erkak aliment qarzdoridan chet elga chiqish taqiqini bekor qilish uchun pul talab qilgan.

Toshkent viloyatida 36 yoshli MIB xodimi pora olgani uchun 6 yilga qamaldi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak o‘z mansab vakolatidan foydalanib, Bekobod tumanida yashovchi fuqarodan aliment qarzdorligi sababli xorijga chiqishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash uchun 20 mln so‘m talab qilgan. U 13 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi. Avvalroq ayblanuvchi shunga o‘xshash xizmat ko‘rsatgani uchun 450 dollar va 1 million 300 ming so‘m olgan.
Sud davlat xizmatchisini Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (Tovlamachilik yo‘li bilan pora olish) va 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik) bilan aybdor deb topib, ikki yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda DXXning soxta xodimi pora bilan qo‘lga tushgandi. Firibgar tadbirkorga uning tovarini bojxona tekshiruvidan o‘tkazishni osonlashtirishni va’da qilgan.
Izohlar