Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yil 12-dekabr kuni Xabarovskda OMON xodimlari qahvaxonalardan birida o‘tkazilgan reyd chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarini kaltaklagani, ulardan ikki nafari komaga tushgani, keyinroq ulardan biri vafot etgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan O‘zbekiston TIV munosabat bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vaziyat O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi tomonidan nazoratga olingan.
Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularga zarur konsullik va amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Fuqaroning jasadini Vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda, — deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona hodisa yuzasidan Xabarovsk o‘lkasi prokuraturasi, tergov boshqarmasi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Xabarovsk o‘lkasidagi vakolatxonasiga voqea tafsilotlarini har tomonlama, xolisona va qonuniy o‘rganishni so‘rab notalar yubordi.
Hozirda fuqaroning o‘limi sabablari haqida rasman tasdiqlangan ma’lumot yo‘q. Tegishli organlardan aniq ma’lumotlar kelib tushishi bilan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ikkinchi fuqaro haqida aytilgan ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi.























