Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan birgalikda rivojlanishning to‘rtta yo‘nalishini ilgari surdi
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.
Prezident tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani o‘zaro ishonchning yuksak darajasi va hamkorlikni mustahkamlashga ikki tomonning ham intilishi ifodasi ekanini alohida ta’kidladi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochishi mumkinligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida keyingi yetti yilda tovar ayirboshlash ikki barobarga ortgani, Yevropa kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshgani, bu investorlarning O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va chuqur iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish va innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishda yevropalik hamkorlarning ko‘magi qayd etildi.
Prezident inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Mamlakatimiz yetakchisi o‘tgan davrda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi sezilarli darajada kengaygani, yangi oliygohlar tashkil etilgani, xorijiy universitetlarning filiallari ochilgani, yevropalik hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda davlat rahbari hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning to‘rtta muhim yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi:
- mamlakat ichida strategik xomashyo va minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;
- “yashil” iqtisodiyot va kimyo sanoati: yevropalik hamkorlarga “yashil” generatsiya, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida ishtirok etish taklif qilindi;
- infratuzilma va logistikani rivojlantirish: uning doirasida O‘zbekiston transport tarmog‘ini, shu jumladan avtomagistrallar, temir yo‘llar va aeroportlarni modernizatsiya qilmoqda hamda tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish va Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga tayyorligini bildirdi;
- raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari.
Davra suhbati ishtirokchilari, o‘z navbatida, mamlakatimizda investitsiyalar uchun yaratilgan shaffof va barqaror sharoitlarni yuqori baholadilar hamda mamlakatimizda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Avvalroq tomonlar tashqi siyosat va mudofaa sohalarida ham hamkorlikni kengaytirishga kelishib olishlari, bunda mintaqaviy barqarorlik, mojarolarning oldini olish va ommaviy qirg’in qurollarining tarqalishiga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratishlari haqida xabar berilgan edi.
Izohlar