3 Dekabr 2024, 17:26 Oʻzbekiston

Buxoroning tarixiy qismida mototsikl va skuterlarning harakati cheklandi

YHXB tomonidan bu borada taqiqlovchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda.

Buxoroning tarixiy qismida mototsikl va skuterlarning harakati cheklandi

Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl, skuter va moped kabi transport vositalarida harakatlanish cheklandi. YHXB tomonidan bu borada taqiqlovchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.

Eski shahar qismida avtomashinalar harakati cheklangan bo‘lsa-da, moto-avto vositalar, skuterlar, mopedlardan keng foydalaniladi. Ammo ularning ham qatnovi tarixiy merosga zarar yetkazishi, qolaversa bu hududda harakatlanayotgan ko‘plab sayyohlar va mahalliy aholi vakillariga xavf tug‘dirishi mumkin, deyiladi telekanal lavhasida.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini boshqarish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan edi.

Unga ko‘ra, endilikda skuterlar, mopedlar va velosipedlarni, individual harakatlanish vositalarini, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi BHMning uchdan bir qismi miqdorida (125 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mashhur yangiliklar