3 Dekabr 2024, 10:49 Oʻzbekiston

Qashqadaryo va Fargʻonada isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarish holati aniqlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Qashqadaryo va Fargʻonada isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarish holati aniqlandi

Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi shahri boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda fuqaro F.K. oʻz uyining yordamchi xoʻjaligida yashirin yogʻ ishlab chiqarayotganligi aniqlanib, ushbu xonadondan 300 litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ, 354 kg paxta, 6 dona uskuna jami 189,3 mln soʻmlik tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, departamentning Uchkoʻprik tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda fuqaro E.X.ning Buvayda tumani “Xoʻjaobod” MFY hududida tashkil etgan yashirin sexidan 712 litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ, 874 kg chigit va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar