25 Noyabr 2024, 19:21 Oʻzbekiston

Allamjonovga suiqasd bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan shaxs Janubiy Koreyada qo‘lga olindi

Mazkur ishda aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Allamjonovga suiqasd bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan shaxs Janubiy Koreyada qo‘lga olindi

Bosh prokuratura Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd yuzasidan navbatdagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

«Bosh prokuratura tomonidan Qibray tumanida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari davomida hodisa sodir bo‘lgan joyni va ayblanuvchilar boshqaruvida bo‘lgan avtomashinalarni ko‘zdan kechirish hamda ular istiqomat qilgan xonadonlarda o‘tkazilgan tintuvlarda ishga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar aniqlanib olindi.

O‘tkazilgan tergov va tezkor–qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi, shuningdek, 2 nafariga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.

Qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borildi.

Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi», deyiladi xabarda.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mashhur yangiliklar