O‘zbekistonda hafta o‘rtasiga borib harorat sezilarli pasayadi
Haftaning ikkinchi yarmida O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo kirib keladi.
“O‘zgidromet” hafta davomida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududining katta qismida havo iliq bo‘ladi. 25—27-noyabr kunlari harorat asosan kechalari 2-7 daraja iliq, kunduz kunlari 15-20 darada iliq, janubda kechalari 7-12 daraja iliq, kunduz kunlari 17-22 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida sovuq ob-havo saqlanib turadi, harorat kechalari 2-7 daraja sovuq bo‘ladi, kunduz kunlari esa harorat 7-12 daraja iliqdan oshmaydi.
Ushbu kunlarda respublika bo‘yicha quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyatining ayrim joylarida 26-noyabr kuni kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Haftaning ikkinchi yarmida O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo kirib kelishi boshlanadi.
28—29-noyabrda respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va 28-noyabrda Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida quruq ob-havo saqlanib turadi.
Yomg‘ir yog‘ishi iliq ob-havoda kuzatiladi, 28-noyabrda harorat kechasi 7-10 daraja iliq, kunduzi 17-20 daraja iliq atrofida bo‘ladi. 29-noyabrda haroratning pasayishi boshlanadi, kunduz kungi harorat 10-13 daraja iliqni tashkil etadi.
Respublikaning ayrim joylariga tuman tushadi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, 28—29-noyabrda ba’zi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayadi.
28-noyabrda Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida, 28—29-noyabrda respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda qorga aylanishi mumkin.
Toshkentda 25—28-noyabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan kechalari 4-7 daraja iliq, 28-noyabrda 7-10 daraja iliq, kunduz kunlari 17-20 daraja iliq bo‘ladi. 29-noyabrda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechasi 7-10 daraja iliq, kunduzi 10-13 daraja iliq bo‘ladi.