Qashqadaryoda “Cobalt”ni tosh bosib qolishi oqibatida Vengriya fuqarolari vafot etgani maʼlum boʻldi
Oʻzbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi marhumlarning jasadini vataniga qaytarishda toʻliq yordam berishga tayyor ekanini bildirgan.
Avvalroq Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Taxtaqoracha dovonida ulkan tosh “Cobalt” mashinasini bosib qolgani haqida xabar berilgan edi. Oʻzbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi halok boʻlganlar orasida Vengriya fuqarolari borligini maʼlum qildi.
«Oʻzbekistonning Vengriyadagi elchixonasi Qashqadaryo viloyatida toshlar qulab tushishi oqibatida ikki nafar Vengriya fuqarosining fojiali halok boʻlgani haqidagi xabarni chuqur qaygʻu bilan qabul qildi.
Vafot etganlarning yaqinlariga va oila aʼzolariga samimiy hamdardlik bildiramiz. Ushbu baxtsiz hodisa, afsuski, dunyoning istalgan nuqtasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan tabiiy ofat natijasida roʻy berdi. Oʻzbekiston tomoni barcha tafsilotlarni aniqlash uchun sinchkovlik bilan tergov oʻtkazmoqda», deyiladi xabarda.
Shuningdek, Budapeshtdagi vakolatxona marhumlarning jasadini vataniga qaytarishda toʻliq yordam berishga tayyor ekanini bildirgan.