Surxondaryoda 11-sinf qiz 8-qavatdan yiqilib, vafot etdi
Denov tumanida 17 yoshli qiz ko‘p qavatli uyning 8-qavatidan yiqilib, halok bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanida 17 yoshli qiz 8-qavatdan yiqilib, vafot etdi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 29-oktyabr kuni soat 21:00 atrofida sodir bo‘lgan. 2007-yilda tug‘ilgan qiz olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, qiz tumandagi 82-maktabda 11-B sinfida tahsil olgan. Maktab rahbariyati va o‘qituvchilar marhuma namunali xulq-atvorga ega bo‘lgani va a’lo baholarga o‘qiganini ma’lum qilgan.
Holat sodir bo‘lishidan oldin qizning oilasida ham hech qanday janjal va ziddiyatlar yuzaga kelmagan. Mahalla raisi oila namunali oilalar qatorida bo‘lganini qayd etgan, deyiladi videolavhada.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Sodir bo‘lgan holatning sabablari aniqlanmoqda.