Toshkentda 100 ming dona etil spirtini sotishga uringanlar ushlandi
Mirzo Ulug‘bek tumanida 100 ming dona etil spirtini noqonuniy sotishga uringanlar qo‘lga tushdi.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida 100 ming dona tibbiyot etil spirtini sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va IIBB xodimlari hamkorlikda Kasaba ko‘chasida o‘tkazilgan tadbirda spirt mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan O.V. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, Farg‘ona viloyatidan olib kelingan jami 100 ming dona tibbiyot etil spirtini fuqaro Ya.I.ga 8 300 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.