Raqobat qo‘mitasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”ga nisbatan jarima qo‘lladi
Raqobat qo‘mitasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”ga yo‘lovchilardan undirilgan ortiqcha haq bo‘yicha jarima qo‘lladi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MCHJga nisbatan qonun buzilish holatlari yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llandi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.
Qo‘mita tomonidan kompaniyalar faoliyati “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga asosan o‘rganib chiqilgan.
O‘rganishlarda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” Farg‘ona bo‘linmasi temir yo‘l vokzalida 2023-yil davomida sotilgan 606 380 ta chiptadan vositachilik yig‘im qiymati bo‘yicha 660 mln so‘mga yaqin, “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” Farg‘ona filiali 2024-yilning 1-yanvaridan 24-iyul kunigacha sotilgan 185 806 ta chiptadan 560 mln so‘mga yaqin ortiqcha haq undirilgani aniqlangan.
Umumiy hisobda jami 792 186 nafar iste’molchidan 1,3 mlrd so‘mga yaqin ortiqcha haq undirilgan.
Yuqoridagilarga asosan qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan ortiqcha undirilgan to‘lovlarni iste’molchilarga qaytarishi yuzasidan ko‘rsatma berilgan va moliyaviy jarima qo‘llangan. Shuningdek, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Ma’lumot o‘rnida, maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
Мавзуга оид хабарлар:
Dorilar narxi asossiz oshirilishi tufayli iste’molchilardan 7 mlrd so‘m ortiqcha to‘lovlar undirilgan Toshkent viloyatida daraxt kesgan shaxs tabiatga 247 mln so‘m zarar yetkazdi Buxoroda saksovul oʻgʻrilari 40 mln soʻm toʻlaydigan boʻldi Toshkentda qoida buzgan FVV avtomobili haydovchisi jarimaga tortildi AI-80 benzinining boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatildi