13 Avgust 2024, 09:56 Oʻzbekiston

Sobiq vazir Aziz Voitov ustidan sud jarayoni 15 avgustda boshlanadi

Tergov organi Aziz Voitovga Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘ygan.

Sobiq vazir Aziz Voitov ustidan sud jarayoni 15 avgustda boshlanadi

Joriy yilning 15 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlanadi. Bu haqdagi ma’lumot Oliy sud saytida keltirib o‘tildi.

Tergov organi Aziz Voitovga Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘ygan:

  • 167-modda 3-qismi “a” va “v” bandlari — bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda, ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish;
  • 205-modda 2-qismi “a” bandi — juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
  • 206-modda 2-qismi “a” bandi — juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish;
  • 209-modda 2-qismi “a” bandi — takroran sodir etilgan mansab soxtakorligi.

Bu ish doirasida tadbirkorlar Orzubek Otaboyevich Rajabov va Alisher Fazliddinovich O‘runboyev ham sudlanuvchi hisoblanadi.

Orzubek Rajabov o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, mansab soxtakorligi, pora berish va hujjatlarni soxtalashtirish jinoyatlarida ayblanmoqda.

Alisher O‘runboyevga esa o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish ayblovi qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qishloq xo‘jaligi vazirligining sobiq rahbari Aziz Voitov 2023 yil dekabr oyida qamoqqa olingan edi.

Mashhur yangiliklar