Sirdaryoda 17 tup sadaqayrag‘ochni kesgan shaxslar jinoiy jazoga tortildi
Xovos tumanida 17 tup sadaqayrag‘ochni kesib, tabiatga jami 1 mlrd 107 mln so‘m zarar yetkazgan ikki nafar fuqaroning har biriga 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 17 tup sadaqayrag‘ochni kesgan ikki shaxs jinoiy jazoga tortildi.
Sud hukmida keltirilishicha, tumanning Qahramon mahallasi hududidagi fermer xo‘jaliklardan birining dala maydoni viziual o‘rganilganida dala maydoni chetidagi sog‘lom holatda bo‘lgan sadaqayrag‘ochlarni kesib olingani aniqlangan. Buning oqibatida tabiatga 1 mlrd 125 mln 740 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Daraxtlar fermer xo‘jalik rahbari A.A.ning ruxsati bilan do‘stining talaba o‘g‘li tomonidan kesib olingan.
Yigit suddagi ko‘rsatmasida aybiga iqror bo‘lib, bo‘sh vaqtlarida otasining choyxonasida yordamlashib turishini, daraxtlarni xo‘jalik rahbarining ruxsati bilan kesganligini, biror hujjat kerak bo‘lmaydimi deb so‘raganida xo‘jalik rahbari o‘zi javob berishini, kesaverishi mumkinligini aytganini bildirgan. Kesilgan daraxtlar choyxonada o‘tin sifatida ishlatilgan.
Fermer xo‘jalik rahbari ham sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U do‘stining o‘g‘liga qurilgan daraxt va shoxlarni kesib olishga ruxsat berganini, ushbu qayrag‘ochlarni o‘zi oilasi bilan ekkanligini, yetkazilgan zararni qoplashini aytib, suddan o‘zi o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan daraxtlarni kesganlar Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismida (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish orqali ko‘p miqdorda zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Aybdorlarga nisbatan ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etmaslik, mahkumlarni nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, Sirdaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik hamda spirtli ichimlik iste’mol qilmaslik bilan bog‘liq qo‘shimcha cheklovlar ham o‘rnatilgan. Shuningdek, sudlanuvchilardan tabiatgi yetkazilgan 1 mlrd 107 mln so‘m zararni undirish belgilangan.
Мавзуга оид хабарлар:
Sirdaryoda sobiq ayolini do‘pposlab, sochini qirib tashlagan erkakka hukm o‘qildi Toshkent viloyatida daraxt kesgan shaxs tabiatga 247 mln so‘m zarar yetkazdi Sirdaryoda MChJ 5,25 mlrd soʻmlik gaz oʻgʻirlagani aniqlandi Yangiyo‘lda 5 tup daraxt kesgan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi Sirdaryoda haydovchidan pora talab qilgan YPX inspektori qamaldi