Samarqanddagi milliy tabiat bog‘ida daraxt va o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazildi
“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga noqonuniy kirgan 5 nafar shaxs daraxt va o‘simliklarga zarar yetkazdi.
Samarqanddagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga noqonuniy kirgan 5 kishi daraxtlar va o‘simliklarga zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot kotibi Lola Rahmonboyeva maʼlum qildi.
Unga ko‘ra, 5 nafar fuqaro “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga “Yo‘lsoy” bo‘limida joylashgan sobiq oromgoh hududi orqali ruxsatsiz va hech qanday hujjatsiz ekskavator va buldozerlar bilan kirib borgan.
Bog‘ rahbariyati tabiat bog‘i muhofaza etiladigan tabiiy hudud ekanligi, bu yerga ruxsatsiz kirish, qurilish va qazish ishlarini olib borish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan hamda hududdan chiqib ketishni talab qilgan.
Ogohlantirishlarga qaramay, fuqarolar noqonuniy tarzda bog‘ hududiga kirishda davom etgan va bir necha daraxt va o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazgan.
2-avgust kuni kech soat 18:00 larda milliy tabiat bog‘i xodimlari tomonidan qonunbuzarlik holati to‘liq to‘xtatilgan.
Ushbu holat yuzasidan Ekologiya vazirligi tomonidan tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yo‘llandi.
Мавзуга оид хабарлар:
Samarqanddagi qabristondan qadimiy daxma hamda qabrtosh topildi Buxorodagi “Muruvvat” uyida 20 ga yaqin daraxt kesib tashlandi Samarqandda maktab o‘quvchilari majburiy mehnatga jalb qilingani rad etildi Buxoroda bir tup daraxtga shikast yetkazgan shaxs 9,5 mln so‘m to‘laydigan bo‘ldi Xorazmda 4 tup pavlovniya daraxtini kesgan shaxs 27 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortildi