8 Avgust 2024, 08:17 Oʻzbekiston

Xotinini pichoqlab oʻldirgan 75 yoshli erkak qilmishidan pushaymon ekanini aytdi

Kelini sabab 64 yoshli ayolini pichoqlagan erkak hozirda manzil koloniyasida jazo oʻtamoqda.

Xotinini pichoqlab oʻldirgan 75 yoshli erkak qilmishidan pushaymon ekanini aytdi

2019-yilning mart oyida mudhish jinoyatga qoʻl urgan 75 yoshli erkak qilmishidan pushaymonligini bildirdi. Bu haqda u Daryo.uz nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Unga koʻra, 70 yoshida Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirish) bilan aybdor deb topilib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan fuqaro 83 yoshga kirguniga qadar panjara ortida qolishga mahkum. U ayni kunda Ohangaron shahridagi 44-son manzil koloniyasida jazo muddatini oʻtamoqda.

Toʻgʻri, oʻsha payt jahlimni jilovlay olmadim, aqlni ishga solmaganim pand berdi. Ammo bu yillar davomida yigʻilgandi. Menga ham 70 yoshda qamoqxonaga kelish havas emasdi. Afsuski, jahlni jilovlay olmay, jinoyatga qoʻl urdim, deydi erkak.

Uning maʼlum qilishicha, 1955-yilda tugʻilgan ayoli bilan turmush qurganidan buyon juda koʻp bora janjallashgan. Hatto bir safar kelishmovchiliklardan charchagan erkak uydan chiqib ketishga ham qaror qilgan, ammo mahalla-koʻy aralashib, yana ortiga qaytgan.

Ular turmushi davomida ikki qiz va ikki oʻgʻil farzandli boʻlgan. Erkakning aytishicha, ayoli feʼli tufayli arzimagan sabablar bilan bolalarining ham hayotiga koʻp aralashgan. Buning ortidan esa ikki qizi ham turmushidan ajrab, uyiga qaytib kelgan.

Kenja oʻgʻlim bilan birga yashardik. U bilan ham hech kelisholmadi. Arzimas narsani bahona qilib kelin bilan janjal qilaverardi. 2019-yilning mart oyida ham katta janjal boʻldi. Oradan bir qancha vaqt oʻtganidan keyin janjallar yanada yiriklashdi. U kelinni uydan chiqib ketishini talab qilaverardi. U ketsa, oʻgʻlingning ahvoli nima kechadi, har holda uchta bolasi bor, deb tushuntirishga harakat qildim, foydasi boʻlmadi, deydi mahkum.

Uning qoʻshimcha qilishicha, oxirgi janjal kuni kelini nabirasi bilan doʻkonga chiqib ketgan vaqtida ayol uni suyugʻoyoqlikda ayblagan va kurakda turmaydigan gaplarni aytgan. 1949-yilda tugʻilgan erkak bunga chidolmay, oshxona pichogʻini olgan va xotiniga qasddan bir necha marta tiqib olgan.

Uch marta pichoq tiqqanimdan keyin eshikni qulflab, kelinimga uyga kirmanglar, deb oʻzimni ichki ishlar xodimlariga topshirdim. Besh yildan buyon ozodlikdan mahrumman. Sharoitlari yaxshi, ammo nabiralarimni sogʻinaman. Vaqti-vaqti bilan bolalarim kelib, xabar olishadi. Onamni oʻldirgansiz, deb tashlab qoʻyishgani yoʻq. Bu yerdagi sharoitlar yaxshi, lekin ozodlikka yetmaydi. Ayniqsa, yosh yigitlarning koʻpligi koʻnglimni xira qiladi, deydi keksa yoshli fuqaro.

Mashhur yangiliklar