Afg‘onistonning gazlangan anorli ichimligi Qozog‘istonda ham tekshiruvdan o‘tkazildi
Qirg‘izistonda taqiqlangan Afg‘onistonning Golden Life anorli ichimligi Qozog‘istonda tekshiruvdan o‘tkazildi.
Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan, Qirg‘izistonda taqiqlangan Golden Life gazlangan anorli ichimligi Qozog‘istonda tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi Royal, Paradise, Mani, Pure, Golden Life anor ta’miga ega alkogolsiz gazlangan ichimliklarni sanitariya tekshiruvidan o‘tkazdi.
Ko‘rsatib o‘tilgan gazlangan ichimliklarning markalanishi Bojxona ittifoqining “Oziq-ovqat mahsulotlarining markalanishi bo‘yicha” texnik reglamenti talablariga mos kelmasligi aniqlandi, deyiladi qo‘mita xabarida.
Qozog‘istonlik mutaxassislar ichimliklar solingan bankalarda “bo‘yoq moddasi (azorubin E 122) bor” degan ogohlantiruvchi yozuv yo‘qligini aniqladi. Mazkur modda bolalarning faolligi va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, qadoqlarda ichimliklarning tarkibi va ozuqaviy qiymati, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan.
Bu ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) tomonidan Bojxona ittifoqi texnik reglamentlarining majburiy talablariga muvofiqligini baholash tartib-taomillari o‘tkazilmaganini ko‘rsatadi, dedi vazirlik.
Qo‘mita tekshiruv natijalarini “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasiga yuborgan. Ular savdo korxonalarini tegishli ruxsatnomalarsiz ushbu mahsulotlarni sotib olmaslik haqida ogohlantirishi kerak. Golden Life va boshqa ichimliklarni sotishga hali rasmiy taqiq yo‘q. Qozog‘istonliklar orasida gazlangan ichimlik iste’mol qilgandan keyin zaharlanish holatlari qayd etilmagan.