Xorazm viloyatida poyezd temir yo‘l kesishmasida Cobalt avtomobili bilan to‘qnashib ketdi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Shovot tumanida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Cobalt avtomobili haydovchisi temir yo‘l kesishmasida joylashgan svetofor va yo‘l belgilari talablariga rioya qilmasdan, kesib o‘tishga uringan.
Natijada erkak poyezdga yo‘l bermagan va u avtomobilga urilgan. Ma’lum bo‘lishicha, to‘qnashuv oqibatida haydovchi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda tartib posbonlari ishdagi barcha holatlarni o‘rganmoqda.
Avvalroq Toshkentda mototsiklchilar halokatli YTH sodir etgani haqida xabar berilgandi. Mutasaddi idoralar hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.





















