Toifasiz

SMTI direktori Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati haqida so‘z yuritdi

Afg‘oniston tomoni O‘zbekistonning mintaqada uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Doha shahrida xalqaro tendensiyalar, diplomatik tashabbuslar va barqaror rivojlanish strategiyalarini muhokama qilish bo‘yicha yetakchi global platforma – har yili o’tkaziladigan Doha forumi o‘z ishini yakunladi.

2002-yilda tashkil etilganidan buyon forum jahon yetakchilari, xalqaro tashkilotlar, tahliliy markazlar va akademik hamjamiyat vakillarini birlashtiradigan maydonga aylangan. 2025-yilda tadbir “Adolat amalda: va’dalardan taraqqiyot sari” mavzusida o‘tkazilib, dunyoning 150 mamlakatidan sakkiz mingga yaqin ishtirokchini jamladi.

Forumda tinchlikni ta’minlash, mintaqaviy bog’liqlik va barqaror rivojlanish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi. Ushbu global muhokamalarda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan va Afg‘onistonni faol jalb etish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikning yangi tizimini shakllantirishga qaratilgan tashabbus — Termiz muloqotiga bag‘ishlangan maxsus sessiya alohida ahamiyat kasb etdi.

Sessiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Qatardagi Jorjtaun universiteti filialining Xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Muhokamalarda SMTI direktori Eldor Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Qanit, Qatar tashqi ishlar vazirining maxsus vakili Faysal Abdullah Al-Hanzab, shuningdek, Qatardagi Jorjtaun universiteti tarix fani professori Valid Ziad ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov shunday nufuzli platforma doirasida tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning transmintaqaviy jarayonlarning tashabbuskori va harakatlantiruvchi kuchi sifatidagi tobora o‘sib borayotgan rolining e’tirofi ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, xalqaro hamjamiyatning Termiz muloqotiga bo‘lgan e’tibori Afg‘onistonning konstruktiv ishtiroki bo‘lmasa, Markaziy va Janubiy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanishning barqaror tizimini shakllantirishning imkoni yo’qligini anglatadi.

Aripov forum tashkilotchilariga chuqur minnatdorchiligini izhor etib, so‘nggi yillarda Afg‘oniston masalasidagi diplomatiyada asosiy vositachilardan biriga aylangan Qatarning rolini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, Qatar maydoni siyosatdan xoli, professional va ochiq muloqot uchun o‘ziga xos muhit yaratadi.

Institut direktori tashabbusning mohiyati haqida gapirar ekan, Termiz muloqoti nafaqat ekspert platformasi, balki Afg‘onistonda xalqaro ishtirokning yangi falsafasini shakllantiruvchi strategik konsepsiya ekanligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu falsafa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatidagi asosiy yondashuviga asoslanadi: barqarorlikka bosim va izolyatsiya orqali emas, balki rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlik orqali erishiladi. Termiz muloqoti ish o‘rinlari, transport yo‘laklari, ta’lim imkoniyatlari, gumanitar yo‘nalishlar va uzoq muddatli iqtisodiy rag‘batlar yaratilgan joyda tinchlik mustahkamlanadi, degan qarashdan kelib chiqadi.

Eldor Aripov so‘nggi yillarda Afg‘oniston bo‘yicha pragmatik, iqtisodiyotga asoslangan qarorlarga e’tibor qaratib O’zbekiston bu yo’nalishda xalqaro kun tartibini o‘zgartirishga salmoqli hissa qo‘shganini ta’kidladi. O‘zbekistonning “Ayritom” xalqaro savdo markazini tashkil etishdan BMTning gumanitar xabini ishga tushirish va ta’lim dasturlarigacha bo‘lgan tashabbuslari mintaqaviy mas’uliyatga asoslangan amaliy yondashuvning samaradorligini ko‘rsatdi. Bu Afg‘onistonning rivojlanishi butun Markaziy Osiyo—Janubiy Osiyo makromintaqasining xavfsizligi va barqaror o‘sishining asosiy omili ekani haqida umumiy tushunchani shakllantirish imkonini berdi, — dedi u.

Termizning muloqot markazi sifatida tanlanganiga ma’ruzachi alohida e’tibor qaratdi. U Termizni sivilizatsiyalarning tarixiy chorrahasi, strategik transport tugun nuqtasi va iqtisodiy hamkorlik uchun zamonaviy maydon ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Eldor Aripov o‘z nutqida tashabbusning strategik maqsadi — Afg‘oniston tabiiy bog‘lovchi bo‘g‘in rolini o‘ynaydigan Markaziy Osiyo—Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligining keng makonini yaratish ekanligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, global notinchlik va geosiyosiy parchalanish sharoitida aynan o‘zaro bog‘liqlik barqarorlikning yangi manbai va o‘ziga xos “tinchlikka sarmoya”ga aylanmoqda. Mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, tartib-taomillarni uyg‘unlashtirish, savdo oqimlarini raqamlashtirish, ta’lim va energetika loyihalarining sinergiyasi ushbu makromintaqani Yevroosiyoning asosiy o‘sish makonlaridan biriga aylantirishga qodir.

SMTI direktorining ma’lum qilishicha, Termiz muloqotining navbatdagi yig‘ilishi kelasi yilning bahorida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. U O‘zbekiston doimiy ekspert-diplomatik hamkorlikni rivojlantirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishda davom etishini ta’kidladi. Keyingi qadam sifatida soha mutaxassislari o‘rtasida muntazam fikr almashish va aniq natijalarga tez erishishga qaratilgan amaliy tavsiyalarni shakllantirish imkonini beruvchi «Afg‘oniston – Markaziy Osiyo» ixtisoslashtirilgan ekspert yo’nalishini ishga tushirish ko‘rib chiqilmoqda.

So’zining yakunda SMTI direktori barcha manfaatdor hamkorlarni Termizga tashrif buyurishga va Termiz muloqotining bir qismi bo‘lishga taklif qilib, “bugungi kunda ushbu tashabbus nafaqat jarayon, balki ochiqlik, o‘zaro manfaatdorlik va mintaqa davlatlarining o‘z umumiy kelajagi uchun mas’uliyatiga asoslangan dunyoning strategik ko‘rinishi” ekanini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Afg‘oniston tomoni O‘zbekistonning mintaqada uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

O‘zbekiston xavfsizlik masalalarini siyosiylashtirishga emas, balki iqtisodiy muloqot va mintaqaviy aloqalarga jalb etishga asoslangan konstruktiv va Kobul uchun eng maqbul yondashuvni namoyish etdi, — deydi Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Qanit. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu savdo va tranzit aloqalarining rivojlanishiga hamda odamlar o‘rtasidagi munosabatlarning kengayishiga xizmat qildi.

Afg‘onistonlik diplomatning ta’kidlashicha, “Afg‘onistonning hozirgi tashqi siyosiy konsepsiyasi xalqaro hamjamiyat bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy aloqalarga qo‘shilishga qaratilgan”.

Qatar tashqi ishlar vazirining maxsus vakili Faysal bin Abdullah al-Hanzab ham O‘zbekistonning Afg‘oniston va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi o‘zaro aloqa kanallarini saqlab qolishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Davlatlarning o‘zaro bog‘liqlik va mintaqalararo integratsiyani mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladigan Termiz muloqotining ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Jorjtaun universiteti professori Valid Ziad ushbu nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlab, Markaziy va Janubiy Osiyo tarixan yagona madaniy, iqtisodiy va intellektual o‘zaro bog‘liqlik makoni bo‘lib, uning markazida Afg‘oniston turganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan, uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining konstruktiv mintaqaviy siyosati ushbu yo‘qolgan bog‘liqlikni tiklash uchun imkoniyatlar eshigini ochdi.

U O‘zbekistonning Afg‘onistonni asosan mojarolar va xavf-xatarlar nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadigan eskirgan geosiyosiy andozalardan voz kechish pozitsiyasiga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, mintaqaning uzoq muddatli barqarorligi Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarning to‘laqonli ishtirokchisi sifatida tan olishni hamda, insonparvarlik, ta’lim va madaniy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishni talab etadi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная