9 Oktabr 2024, 13:10 Sport

World Boxing prezidenti O‘zbekistonga keldi

World Boxing prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

World Boxing prezidenti O‘zbekistonga keldi

7-oktyabr kuni World Boxing xalqaro tashkiloti prezidenti Boris van der Vorst Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda uni sport vaziri Adham Ikromov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Poʻlatov hamda MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Toshmatov qarshi olishdi.

Yigʻilishda Boris van der Vorst tashkilot faoliyati, uning maqsadlari haqida maʻlumot berdi. Unga koʻra, bugungi kunga kelib, 49 davlat ushbu xalqaro federatsiyaga aʻzo boʻlib, boks rivoji boʻyicha kelgusida qator istiqbolli loyihalar rejalashtirilgan.

Suhbat davomida boks boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida 7 ta vazndan 5 tasida oltin medalni qoʻlga kiritgani, bugungi kunda Oʻzbekiston boks olamida jahonda yetakchilardan biri ekani ham tilga olindi. Qolaversa, rasmiylar boksning Los-Anjyeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlari dasturida saqlanib qolishi tarafdori ekanini bildirishdi.

Uchrashuvdan soʻng tashkilot prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Oʻzbekistonga tashrifi haqida fikr bildirib, mamlakatdan qoʻllov olganidan xursandligini yozdi.

Tashkiloti boks olamida ustunlikka ega Oʻzbekiston tomonidan kuchli qoʻllov olganimizdan xursandman, deb qoʻshimcha qildi Boris van der Vorst.

Mashhur yangiliklar